Belgraddagi Serbiya saroyida Prezident Shavkat Mirziyoyev va Serbiya Prezidenti Aleksandar Vuchichning yuzma-yuz hamda rasmiy delegatsiyalar ishtirokidagi muzokaralari bo‘lib o‘tdi.
Tomonlar siyosiy muloqot, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni yanada kengaytirish masalalarini muhokama qildi. O‘zaro savdo hajmini oshirish maqsadida Erkin savdo to‘g‘risidagi bitimni ishlab chiqish, standartlashtirish sohasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va o‘zaro ko‘rgazmalar tashkil etish muhimligi qayd etildi.
Transport va logistika, yengil va oziq-ovqat sanoati, qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika, tibbiyot hamda raqamli iqtisodiyot yo‘nalishlarida yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari ko‘rib chiqildi. Shuningdek, 2026–2028-yillarga mo‘ljallangan sanoat sherikligini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma harakatlar rejasi qabul qilindi.
O‘zbekiston 2027-yilda Belgradda o‘tkaziladigan EXPO-2027 xalqaro ko‘rgazmasida milliy pavilyon bilan ishtirok etadi. Hududlararo hamkorlikni kengaytirish, jumladan, Samarqand viloyati va Voyevodina, Samarqand va Novi-Sad shaharlari o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirish ham qo‘llab-quvvatlandi.
Muzokaralarda ta’lim, madaniyat, sport, turizm va mehnat migratsiyasi sohalaridagi hamkorlikka ham alohida e’tibor qaratildi. Tashrif doirasida Mehnat mobilligi va migratsiyasi to‘g‘risidagi bitim qabul qilindi. Erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish uchun keng qamrovli “yo‘l xaritasi” ishlab chiqiladi.