Zafarobod tumani hokimi ishtirokidagi YTH yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
30-avgust kuni soat 07:45 atrofida Jizzax viloyati Zafarobod tumanida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi.
Tuman hokimligi ma’lumotiga ko‘ra, “MAZ” rusumli yuk avtomobili haydovchisi chapga burilish vaqtida qarama-qarshi yo‘nalishda harakatlanayotgan Zafarobod tumani hokimi G‘. Eshpo‘latov boshqaruvidagi KIA SELTOS xizmat avtomobili yo‘liga chiqib ketgan va to‘qnashuv yuz bergan.
Hodisa oqibatida tuman hokimi hamda avtomobilda yo‘lovchi bo‘lgan uning voyaga yetmagan o‘g‘li turli darajadagi tan jarohatlari bilan RShTYoIM Jizzax filiali jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan. “MAZ” haydovchisi jarohat olmagan.
Holat yuzasidan 30-avgust kuni Zafarobod tuman prokuraturasi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.