Shavkat Mirziyoyev Si Szinpin bilan muzokara o‘tkazdi
Bishkek shahrida o‘tayotgan SHHT sammiti doirasida Prezident Shavkat Mirziyoyev Xitoy Raisi Si Szinpin bilan muzokara o‘tkazdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi strategik sheriklik hamda ko‘p qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Kelgusi yilda ikki davlat o‘rtasida diplomatik aloqalar o‘rnatilganiga 35 yil to‘lishi munosabati bilan ushbu sanani keng nishonlash bo‘yicha tadbirlar dasturini tayyorlash taklif etildi.
Tomonlar o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini yaqin yillarda 30 mlrd dollarga yetkazishni asosiy maqsad sifatida belgiladi. Ayni paytda qo‘shma loyihalar portfeli qariyb 60 mlrd dollarni tashkil etmoqda.
Energetika, “yashil” iqtisodiyot, qishloq xo‘jaligi, tog‘-kon sanoati va yuqori texnologiyalar sohalarida kooperatsiyani chuqurlashtirishga kelishib olindi.
Shuningdek, “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” strategik temir yo‘li qurilishi jadal davom etayotgani qayd etildi.
Ta’lim, turizm, fan va yoshlar almashinuvini kengaytirish, jumladan, Xitoyda O‘zbekiston madaniyati kunlarini o‘tkazish masalalari ham muhokama qilindi.
Muzokaralar yakunida Shavkat Mirziyoyev Si Szinpinni O‘zbekistonga rasmiy tashrif bilan kelishga taklif etdi.