“Belarus karvoni” O‘zbekistonga yetib keldi – 44 vagon yuk 7 sutkada manzilga yetkazildi
O‘zbekiston va Belarus o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri yuk poyezdlari qatnovi kengaymoqda. Belarusning Orsha-Vostochnaya stansiyasidan yo‘lga chiqqan ikkinchi “Belarus karvoni” yuk poyezdi 7 sutkada O‘zbekistonning Chuqursoy stansiyasiga yetib keldi.
Poyezd 44 ta vagondan iborat bo‘lib, ularda yog‘och va yog‘ochni qayta ishlash mahsulotlari, shakar, plita mahsulotlari hamda turli xalq iste’moli tovarlari olib kelindi.
Yuklar Chuqursoy stansiyasidan keyinchalik Axtachi, Rouston, Nazarbek va Kakir stansiyalariga yetkazib beriladi.
Mazkur yo‘nalishda 10 kun ichida ikkinchi yuk poyezdining O‘zbekistonga yetib kelishi O‘zbekiston va Belarus o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri blok-poyezdlar orqali muntazam yuk tashuvlari yo‘lga qo‘yilganini ko‘rsatadi.
“O‘ztemiryo‘lkonteyner” AJ O‘zbekistondan Belarusga, shuningdek, Belarus hududi orqali Yevropa davlatlariga eksport yuklarini jo‘natuvchi korxona va tadbirkorlarni mazkur yo‘nalish imkoniyatlaridan foydalanishga taklif etmoqda.
Tashish tariflari va qo‘shimcha ma’lumotlar uchun:
Tel.: +998 99 140-11-11
Tel.: +998 78 148-37-78 (204)
E-mail: jdkexp@utk.uz, marketing@utk.uz