Belarusdan Oʻzbekistonga ilk toʻgʻridan toʻgʻri blok poyezd yetib keldi
“Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ axborot xizmati ma’lum qilishicha, 2026-yil 5-avgust kuni “Toshkent mintaqaviy temir yoʻl uzeli” filialiga qarashli Chuqursoy stansiyasida Belarusdan Oʻzbekistonga kelgan “Slavyan karvoni” nomli marshrut yuk poyezdini tantanali kutib olish marosimi boʻlib oʻtdi.
Tadbirda “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ, “Temiryoʻlinfratuzilma” AJ, “Toshkent MTU” filiali rahbariyati, Belarus Respublikasining Oʻzbekistondagi elchixonasi vakillari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Qayd etilishicha, mazkur yoʻnalishning yoʻlga qoʻyilishi Oʻzbekiston va Belarus oʻrtasidagi transport-logistika hamkorligini rivojlantirish yoʻlidagi muhim qadamlardan biri boʻldi.
2026-yil 30-iyul kuni Orsha-Vostochnaya stansiyasidan yoʻlga chiqqan, 51 ta vagondan iborat yuk poyezdi 3 822 kilometr masofani bosib oʻtib, Chuqursoy stansiyasiga yetib keldi.
Ta’kidlanishicha, “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ Belarus temir yoʻllari bilan hamkorlikni yanada rivojlantirish, xalqaro transport yoʻnalishlarini takomillashtirish va ikki davlat oʻrtasidagi savdo hajmini oshirish borasidagi ishlarni davom ettiradi.