Fargʻonada mast haydovchi YPX inspektorini urib yubordi: xodim vafot etdi
2026-yil 31-iyul kuni soat taxminan 23:30 larda Oʻzbekiston tumani “Oʻqchi” MFY hududidan oʻtuvchi 40V064 avtomobil yoʻlining 20-kilometrida ayanchli yoʻl-transport hodisasi sodir boʻldi.
1996-yilda tugʻilgan haydovchi A.E. mast holda “Spark” rusumli avtomashinani boshqarib kelayotib, tungi xizmatni olib borayotgan Fargʻona viloyati IIB Jamoat xavfsizligi xizmati YHXB 2-mintaqaviy hudud YPX otryadi 3-safarbar guruhi YPX katta inspektori, serjant Xayitbek Karimjonovning toʻxtash haqidagi qonuniy talabiga boʻysunmasdan uni urib yuborgan.
Oqibatda serjant Xayitbek Karimjonov ogʻir tan jarohatlari bilan shifoxonaga olib borilgan. Koʻrsatilgan tibbiy muolajalarga qaramasdan, u jonlantirish boʻlimida vafot etgan.
Holat yuzasidan Oʻzbekiston tuman prokuraturasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi JKning 266-moddasi 2-qismi va 117-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, haydovchiga nisbatan “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qoʻllanilgan.