Тoshkentda “Yashil toʻlqin” tizimining ilk yoʻnalishi ishga tushirildi
Toshkent shahrida yoʻl harakati samaradorligini oshirishga qaratilgan “Yashil toʻlqin” tizimining ilk yoʻnalishi foydalanishga topshirildi.
Yoʻl harakatini tashkil etish markazi mutaxassislari Buyuk ipak yoʻli koʻchasining “Toʻra Buva” masjididan Salom koʻchasigacha boʻlgan qismidagi 13 ta chorrahada svetoforlarning oʻzaro sinxron ishlashini taʼminladi. Tizim ertalabki tigʻiz vaqtda shahar markazi tomon, kechki paytda esa qarama-qarshi yoʻnalishda ishlaydi.
Amalga oshirilgan sinxronlashtirish natijasida ushbu yoʻnalishdagi harakatlanish vaqti sezilarli darajada qisqardi. Jumladan, “Toʻra Buva” masjididan Salom koʻchasigacha boʻlgan yoʻnalishda oʻrtacha harakatlanish vaqti 8,5 daqiqadan 6 daqiqagacha, yaʼni 29 foizga qisqargan. Qarama-qarshi yoʻnalishda esa bu koʻrsatkich 10 daqiqadan 8 daqiqagacha, yaʼni 20 foizga kamaygan.
Qayd etilishicha, mazkur yoʻl qismida soatiga 40–60 kilometr tezlikda harakatlanganda svetoforning qizil chirogʻida deyarli toʻxtamasdan harakatlanish mumkin.
Hozirda Yoʻl harakatini tashkil etish markazi mutaxassislari aqlli svetoforlar oʻrnatilgan Toshkentning boshqa koʻchalarida ham “Yashil toʻlqin” tizimini joriy etish boʻyicha loyiha va hisob-kitob ishlarini olib bormoqda.