Nodirbek Abdusattorov blits reytingida dunyoning TOP-3 shaxmatchisi qatoriga kirdi
O‘zbekistonlik grossmeyster Nodirbek Abdusattorov 2700chess.com saytining jonli reytingida blits yo‘nalishi bo‘yicha dunyoning eng kuchli uch nafar shaxmatchisi safidan joy oldi.
Hamyurtimiz so‘nggi muvaffaqiyatli ishtiroklari natijasida reytingiga 17,5 ochko qo‘shib, ikki pog‘ona yuqoriladi. Natijada uning blits reytingi 2802,5 ochkoga yetdi.
Shu tariqa, Nodirbek Abdusattorov blits yo‘nalishida Magnus Karlsen va Hikaru Nakamuradan keyingi uchinchi o‘ringa ko‘tarildi.
Mazkur natija o‘zbekistonlik shaxmatchining jahon shaxmatidagi yuksak salohiyati va xalqaro maydondagi barqaror o‘sishini yana bir bor tasdiqladi.