Saida Mirziyoyeva Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev bilan uchrashdi
Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva 21-iyun kuni Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev bilan uchrashdi. Uchrashuv avvalida u O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning samimiy salomi va ezgu tilaklarini yetkazdi.
Muloqot chog‘ida O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada mustahkamlash, ikki qardosh xalq o‘rtasidagi do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik rishtalarini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Saida Mirziyoyeva Qozog‘istonning O‘zbekiston uchun alohida o‘rin tutishini ta’kidlab, ikki davlat o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari izchil rivojlanib borayotganini qayd etdi.
“Qozog‘iston biz uchun shunchaki qo‘shni yurt emas, balki yaqin do‘st, ishonchli strategik hamkor va ittifoqchidir. Qosim-Jomart Kemelovichga iliq qabul va mamlakatlarimiz o‘rtasidagi qardoshlik-birodarlik rishtalarini yanada mustahkamlash borasidagi qat’iy intilishlari uchun chuqur minnatdorlik izhor qilaman”, — dedi Saida Mirziyoyeva.