8 ta ixtisoslashtirilgan tibbiyot markaziga narxlarni maqbullashtirish bo‘yicha ko‘rsatma berildi
Raqobat qo‘mitasi xabariga ko‘ra, 2026-yil aprel oyidan boshlab Respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlarida ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar narxlarining adolatli shakllantirilganligi yuzasidan o‘rganishlar olib borilgan.
Joriy yilning may oyiga qadar 8 ta respublika va hududiy ilmiy-amaliy tibbiyot markazida, jumladan Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya, ko‘z mikroxirurgiyasi, akademik Yo.X. To‘raqulov nomidagi endokrinologiya, akademik V. Vohidov nomidagi xirurgiya, urologiya, terapiya va tibbiy reabilitatsiya, ona va bola salomatligi hamda dermatovenerologiya va kosmetologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazlarida o‘rganishlar o‘tkazilgan.
Dastlabki natijalarga ko‘ra, ayrim holatlarda tibbiy xizmatlar tariflarini shakllantirish bo‘yicha belgilangan talablarga to‘liq rioya etilmagani aniqlangan.
Shu munosabat bilan o‘rganish o‘tkazilgan markazlarga tariflarni amaldagi tartib va talablar asosida qayta shakllantirish hamda narxlarni maqbullashtirish bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berilgan.
Shuningdek, o‘rganishlar yakuni bo‘yicha tibbiy xizmatlar tariflarini maqbullashtirishga qaratilgan umumlashtirilgan takliflar ishlab chiqilib, vakolatli davlat organlariga yuborilishi ma’lum qilingan.