Suv va oqova xizmatlaridan noqonuniy foydalanish 116,9 milliard so‘mdan ortiq zarar keltirgan
«O‘zsuvta’minot» AJning brifingida joriy yilning o‘tgan davrida nazorat organlari bilan hamkorlikda 9 544 ta noqonuniy holat aniqlangani ma’lum qilindi.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, jamiyatga 116,9 milliard so‘mdan ortiq zarar yetkazilgan. Shundan 33,3 milliard so‘mi qoplangan.
Qarzdorlikni undirish uchun 170,1 ming iste’molchi bo‘yicha 298,5 milliard so‘mlik da’vo arizalari sudlar va notariuslarga kiritilgan. Qarzdor 24 mingta jismoniy va yuridik shaxs suv tarmog‘idan vaqtincha uzilgan.
Brifingda Majburiy ijro byurosi bilan hamkorlikda yaratilgan «Raqamli suv ta’minoti» platformasida notarial ijro xatlari 24 soat ichida raqamli rasmiylashtirilayotgani ham qayd etildi. Platforma orqali qarzdorlikni majburiy undirish muddati 60 kundan 35 kunga qisqargan.
Suv va kanalizatsiya tarmoqlariga noqonuniy ulanish holatlari haqida 55 503-10-55 ishonch telefoniga xabar berish mumkin.