Qoraqalpog‘istonda yer va kadastr masalalari bo‘yicha 208 ta murojaat qabul qilindi
Kadastr agentligi 15–16-oktabr kunlari Qoraqalpog‘istonda o‘tkazgan sayyor qabullarda 17 ta tuman va shahardan kelgan 200 nafardan ortiq fuqaro hamda tadbirkorning murojaatlari tinglandi.
Agentlik direktori vazifasini bajaruvchi Sadriddin Turdiyev boshchiligidagi qabullarda 15-oktabr kuni 136 ta, 16-oktabrda Beruniy tumanida esa 72 ta murojaat bildirilgan.
Murojaatlar asosan yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlar va ko‘chmas mulkning kadastr hujjatlari bilan bog‘liq bo‘lgan. Fuqarolarga huquqiy tushuntirishlar berilgan, qo‘shimcha o‘rganish talab etadigan masalalar nazoratga olinib, mas’ul xodimlarga ularni hal etish bo‘yicha vazifalar yuklatilgan.