Erkinjon Turdimov Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari – ta’lim va ilm-fan vaziri etib tayinlandi
Erkinjon Turdimov Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari – ta’lim va ilm-fan vaziri lavozimiga tayinlandi. Shu munosabat bilan u Sirdaryo viloyati hokimi lavozimidan ozod etildi.
Tegishli farmon bilan Vazirlar Mahkamasi tuzilmasiga ushbu yangi lavozim kiritilib, Ta’lim, ilm-fan va sog‘liqni saqlash masalalari kotibiyati tashkil etildi.
Turdimov o‘z vakolati doirasida vazirliklar, qo‘mitalar, agentliklar va inspeksiyalar rahbarlari hamda Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlarining ta’lim, ilm-fan va sog‘liqni saqlash sohalaridagi faoliyatiga umumiy rahbarlik qiladi va uni muvofiqlashtiradi.
Ushbu yo‘nalishlar bo‘yicha ijroni tashkil etish va nazorat qilish Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyevaga yuklatildi.
Turdimov 2025-yil yanvaridan Sirdaryo viloyatini boshqarib kelayotgan edi. Avval Navoiy, Surxondaryo va Samarqand viloyatlarida ham hokim bo‘lgan.