Prezidentimiz Markaziy Osiyo va Ozarbayjon davlat rahbarlarining Maslahat uchrashuvida keng ko‘lamli tashabbuslarni ilgari surdi

Asosiy rasm

Prezident Shavkat Mirziyoyev 8-oktabr kuni Avazada o‘tgan sakkizinchi Maslahat uchrashuvidagi nutqida mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha takliflarni bildirdi. Davlat rahbari hamkorlik suverenitet, o‘zaro hurmat, ishonch va pragmatizmga asoslanishi kerakligini ta’kidladi.

Iqtisodiy aloqalarda o‘zaro savdodan birgalikda tayyor mahsulot yaratishga o‘tish zarurligi qayd etildi. Shu maqsadda 2027-yilda Xivada biznes forumini o‘tkazish va qo‘shma investitsiya loyihalarini qo‘llab-quvvatlaydigan maxsus platforma tashkil etish taklif qilindi.

Prezident quyidagi tashabbuslarni ham ilgari surdi:

  • Infratuzilmani rivojlantirish kengashini tashkil etishni tezlashtirish va ilk yig‘ilishini O‘zbekistonda o‘tkazish;

  • yangi generatsiya quvvatlari, energiya saqlash tizimlari va energetika yo‘laklarini rivojlantirish uchun qo‘shma konsepsiya tayyorlash;

  • suv tejovchi texnologiyalardan foydalanishni kengaytirish va Afg‘oniston bilan suv masalalarida doimiy muloqot o‘rnatish;

  • «Markaziy Osiyo toza havosi» konsorsiumi doirasida sanoat zonalari, agroklasterlar va transport uzellarini ekologik modernizatsiya qilish;

  • muhim minerallar zaxiralarining yagona raqamli xaritasini yaratish;

  • milliy ma’lumotlar markazlarini bog‘laydigan umumiy hisoblash infratuzilmasini yaratish hamda talab yuqori bo‘lgan kasblar va kompetensiyalarning mintaqaviy atlasini ishlab chiqish.

Mintaqalararo hamkorlik masalalarini kelgusi yili Toshkentdagi xalqaro konferensiyada muhokama qilish ham taklif etildi.

Sammit yakunida Qo‘shma bayonot qabul qilindi.


Teglar: Teglar yo'q
Ulashish:

O'xshash maqolalar

Sharhlar (0)

Hali sharhlar yo'q. Birinchi sharhni siz qoldiring!

Sharh qoldiring