Shavkat Mirziyoyev SHHT sammitida yangi tashabbuslarni ilgari surdi

Asosiy rasm

Prezident Shavkat Mirziyoyev Bishkek shahrida bo‘lib o‘tgan SHHT Davlat rahbarlari kengashi yig‘ilishida nutq so‘zlab, tashkilot doirasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha yangi tashabbuslarni ilgari surdi.

Davlat rahbari o‘tgan 25 yil davomida SHHT teng huquqli muloqotni ta’minlash, mintaqaviy barqarorlik va a’zo mamlakatlarning barqaror rivojlanishiga ko‘maklashganini ta’kidladi. Hamkorlik markazida SHHTning geografik va strategik o‘zagi bo‘lgan Markaziy Osiyo turishi alohida qayd etildi.

Prezident Yaqin Sharqda muloqotni qayta tiklash va keskinlikni yumshatish tarafdori ekanini bildirib, SHHT mamlakatlarining ulkan insoniy, tabiiy, ishlab chiqarish va intellektual resurslari, avvalo, xalqlar farovonligini oshirishga xizmat qilishi kerakligini ta’kidladi.

Shavkat Mirziyoyev “SHHT – 2040: umumiy taraqqiyot makoni” konseptual qarashini ishlab chiqishni taklif etdi. Uning maqsadi o‘zaro bog‘liq va barqaror makonni shakllantirishdan iborat bo‘lishi kerak.

Shuningdek, maxsus iqtisodiy zonalar, ishlab chiqarish jarayonlari, sotuv bozorlari va logistika tizimlarini birlashtiruvchi SHHT Sanoat kooperatsiyasi xaritasini ishlab chiqish hamda SHHT Taraqqiyot bankini amaliy ishga tushirish taklif qilindi.

Prezident kelgusi yili Toshkentda SHHTning sun’iy intellekt va yangi raqamli yechimlar bo‘yicha forumini o‘tkazishga tayyorlik bildirdi. Shuningdek, iqlim o‘zgarishi, oziq-ovqat, suv va energetika xavfsizligi bo‘yicha yagona kun tartibini shakllantirish zarurligini qayd etdi.

Bundan tashqari, SHHTga a’zo davlatlarning temir yo‘l makonlarini integratsiya qilish bo‘yicha kengash tuzish hamda xavfsizlik va iqtisodiy hamkorlik masalalarini muhokama qilish uchun SHHTning Afg‘oniston bilan muntazam muloqotini qayta tiklash taklif etildi.





Teglar: Teglar yo'q
Ulashish:

O'xshash maqolalar

O'xshash maqolalar topilmadi.

Sharhlar (0)

Hali sharhlar yo'q. Birinchi sharhni siz qoldiring!

Sharh qoldiring