Samarqandda xavfsizlik masalalari bo‘yicha ilk «ShHT plyus» ekspertlar muloqoti o‘tkaziladi
5–6-noyabr kunlari bo‘lib o‘tadigan uchrashuvda dunyoning 24 davlatidan 33 ta delegatsiya hamda 5 ta xalqaro tashkilot vakillari ishtirok etishi kutilmoqda.
Muloqotda raqamli transformatsiya sharoitida terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish masalalari muhokama qilinadi. Xususan, ilg‘or texnologiyalar va sun’iy intellektning zamonaviy tahdidlarga ta’siri hamda bu boradagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari ko‘rib chiqiladi.
Tadbir Davlat xavfsizlik xizmati rahbari B. Qurbonov raisligida o‘tkaziladi. Unda ShHTga a’zo davlatlar, kuzatuvchilar va muloqot bo‘yicha hamkorlarning maxsus xizmatlari rahbarlari hamda vakillari qatnashadi.
Ushbu formatni yo‘lga qo‘yish tashabbusi Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2024-yilda ShHTning Ostona sammitida ilgari surilgan.