1-sentyabrdan avtobusga chiqish bilan yoʻlkira haqini toʻlash shart boʻladi
2026-yil 1-sentyabrdan brutto-shartnoma asosida faoliyat yuritayotgan barcha shahar avtobuslarida yoʻlkira haqini toʻlash bo‘yicha yangi tartib kuchga kiradi.
Yangi tartibga ko‘ra, yoʻlovchilar avtobusga chiqishi bilan yoʻlkira haqini toʻlashlari shart.
Yoʻlkira haqi transport yoki ijtimoiy kartani validatorga tekkizish, shuningdek, bank kartasi, smartfon va boshqa kontaktsiz toʻlov vositalari orqali toʻlanadi.
Agar yoʻlovchi avtobusga chiqish vaqtida yoʻlkira haqini toʻlamasa yoki imtiyozga ega ekanini tasdiqlamasa, u chiptasiz harakatlanayotgan deb hisoblanadi va bu jarimaga sabab boʻlishi mumkin.