"Jaloliddin Manguberdi" elektropoyezdining ikkinchi tarkibi Toshkent – Xiva yo‘nalishida qatnovni boshlaydi
2026-yil 22-iyuldan boshlab "Jaloliddin Manguberdi" yuqori tezlikdagi elektropoyezdining ikkinchi tarkibi Toshkent – Xiva – Toshkent yo‘nalishida muntazam qatnovni amalga oshiradi. Bu haqda "O‘zbekiston temir yo‘llari" AJ axborot xizmati ma’lum qildi.
Poyezd qatnovi quyidagi jadval asosida yo‘lga qo‘yiladi:
– Toshkent → Xiva – dushanba, chorshanba va juma kunlari;
– Xiva → Toshkent – seshanba, payshanba va shanba kunlari.
Jo‘nash vaqti:
– Toshkent Markaziy vokzali – 07:00;
– Xiva vokzali – 07:15.
Yo‘nalish bo‘yicha safar davomiyligi 7 soat 36 daqiqani tashkil etadi.
Ma’lum qilinishicha, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 10-oktabrdagi PQ–329-son qarori asosida Koreya Eksimbanki hamkorligida 6 ta "Hyundai Rotem" yuqori tezlikdagi elektropoyezdi xarid qilinmoqda.
Bugungi kunga qadar 3 ta elektropoyezd O‘zbekistonga olib kelingan. Ulardan birinchi tarkib 2026-yil 5-maydan Toshkent – Xiva – Toshkent yo‘nalishida qatnovni boshlagan bo‘lsa, ikkinchi tarkib 2026-yil 22-iyuldan ushbu yo‘nalishda harakatni boshlaydi.