Havo hujumidan mudofaa va harbiy aviatsiya tizimini transformatsiya qilish choralari ko‘rib chiqildi
Taqdimotda havo sarhadlarini himoya qilishning mutlaqo yangi tizimini joriy etish, aviatsiya bo‘linmalarini zamon talablariga mos ravishda qayta tashkil qilish bo‘yicha taklif etilgan chora-tadbirlar ko‘rib chiqildi.
Bu ishlar Harbiy havo kuchlarining jangovar qobiliyati va amaliy imkoniyatlarini yanada oshirishga, qo‘shinlarning tezkorligi, harakatchanligi va zamonaviy tahdidlarga javob berish salohiyatini kuchaytirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, harbiy tibbiyot sohasida Turkiya bilan hamkorlikni rivojlantirish masalasi ham ko‘rib chiqildi.
Shu bilan birga, mudofaa ishlari organlari fuqaro xodimlarining ish haqini bosqichma-bosqich oshirish, harbiy xizmatchilarga Toshkent va Samarqand shaharlarida turar joy ijarasi uchun to‘lanadigan har oylik pul kompensatsiyasi miqdorini ko‘paytirish bo‘yicha takliflar bildirildi.