Shavkat Mirziyoyev Toshkentdagi yangi Zamonaviy san’at markazi bilan tanishdi

Asosiy rasm

Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahridagi yangi Zamonaviy san’at markaziga tashrif buyurib, bu yerda yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.

Markaz O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasining yetakchi loyihalaridan biri bo‘lib, mamlakatda zamonaviy san’atga ixtisoslashgan birinchi davlat muassasasi hisoblanadi. Shuningdek, u Markaziy Osiyoda ko‘rgazma, ta’lim, tadqiqot va ma’rifiy faoliyatni birlashtirgan yirik madaniy majmualardan biri sifatida faoliyat yuritadi.

Markaz 1912-yilda me’mor Vilgelm Geyntselman loyihasi asosida qurilgan tarixiy binoda joylashgan. Dastlab tramvay deposi, keyinchalik dizel elektr stansiyasi sifatida foydalanilgan inshoot Fransiyaning “Studio KO” byurosi konsepsiyasi asosida restavratsiya qilindi. Bunda binoning tarixiy qiyofasi va sanoat me’morchiligiga xos jihatlari saqlab qolingan.

Prezident ko‘rgazma va ta’lim maydonlari, jamoat hududlari, kutubxona hamda tadqiqot arxivi bilan tanishdi. Markazda ko‘rgazmalar, ma’ruzalar, ochiq suhbatlar, film namoyishlari, konsertlar, performanslar, ijodiy ustaxonalar va art-rezidensiya dasturlari tashkil etilishi rejalashtirilgan.

Markaz o‘z faoliyatini Hikmah (“Hikmat”) xalqaro ko‘rgazmasi bilan boshlaydi. Unda taniqli rassomlarning 11 ta asari, jumladan, loyiha uchun maxsus yaratilgan ishlar namoyish etiladi. O‘zbekistonda ilk bor Nyu-Yorkdagi Solomon R. Guggenheim muzeyi to‘plamidagi installyatsiya ham taqdim etiladi.

Markaz Guggenheim muzeyi, “Tate”, Pompidu markazi, Osiyo san’ati milliy muzeyi, “Delfina Foundation” va Koreya San’at kengashi kabi xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik qilmoqda.

Davlat rahbari markazni ijodkor yoshlar, professional hamjamiyat va keng jamoatchilik uchun ochiq ijodiy makonga aylantirish, xalqaro aloqalarni kengaytirish hamda mahalliy ijodkorlarning yangi loyihalarini qo‘llab-quvvatlash muhimligini ta’kidladi.

Markazning rasmiy ochilishi 6-sentabrga rejalashtirilgan.






Teglar: Teglar yo'q
Ulashish:

O'xshash maqolalar

O'xshash maqolalar topilmadi.

Sharhlar (0)

Hali sharhlar yo'q. Birinchi sharhni siz qoldiring!

Sharh qoldiring