Shavkat Mirziyoyev Islom Karimov xotirasini yod etdi
2-sentabr kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovni xotirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasiga tashrif buyurib, Birinchi Prezident haykali poyiga gulchambar qo‘ydi.
Marosimda Qur’on tilovat qilinib, duo o‘qildi. Islom Karimovning O‘zbekiston mustaqilligini qo‘lga kiritish, milliy davlatchilikni tiklash, mamlakatda tinchlik va barqarorlikni ta’minlash hamda xalq farovonligini yuksaltirish yo‘lidagi xizmatlari yodga olindi.
Keyingi yillarda Birinchi Prezident xotirasini abadiylashtirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Toshkentda Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasi tashkil etildi, Samarqanddagi maqbarasini ziyorat qilish esa an’anaga aylandi.
Oliy Majlis palatalari, Prezident Administratsiyasi, Vazirlar Mahkamasi, vazirlik va idoralar vakillari, ziyolilar hamda Toshkent shahri jamoatchiligi ham haykal poyiga gullar qo‘ydi.
Xotira tadbirlari Samarqand va Qarshi shaharlarida ham o‘tkazildi.