“Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ jurnalistlar uchun press-tur tashkil etdi
“Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJning yuqori tezlikdagi elektropoyezdlarga servis xizmat koʻrsatish markazida ommaviy axborot vositalari vakillari uchun press-tur tashkil etildi. Tadbir davomida jurnalistlar “Jaloliddin Manguberdi” zamonaviy elektropoyezdlarini reysga tayyorlash jarayonlari bilan yaqindan tanishdi.
Ma’lum qilinishicha, Koreya Respublikasining Hyundai Rotem kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan “Jaloliddin Manguberdi” elektropoyezdlari ilk bor 2026-yil may oyida Toshkent – Xiva – Toshkent yoʻnalishida harakatlana boshlagan. Natijada avval 14 soatni tashkil etgan yoʻl vaqti 7 soat 30 daqiqagacha qisqardi. Shu kungacha birinchi poyezdda qariyb 30 ming nafar yoʻlovchi tashilgan. Yaqinda mazkur turdagi ikkinchi poyezd ham ushbu yoʻnalishda qatnovni boshladi.
Qayd etilishicha, Oʻzbekistonning iqlim sharoitlariga moslashtirilgan va soatiga 250 kilometrgacha tezlikda harakatlana oladigan jami 6 ta elektropoyezdni xarid qilish rejalashtirilgan. Hozirga qadar ularning 3 tasi mamlakatga olib kelingan boʻlib, bosqichma-bosqich foydalanishga topshirilmoqda. Uchinchi poyezd ayni paytda texnik sinovlardan oʻtkazilmoqda.
Mazkur poyezdlar Toshkent – Samarqand – Navoiy – Buxoro – Urganch – Xiva yoʻnalishi boʻylab qatnaydi.