Raqobat qoʻmitasi: “Tashabbusli budjet”da pul evaziga ovoz berish yoʻq
Oʻzbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi fuqarolarni “Tashabbusli budjet” loyihasi doirasida tarqatilayotgan norasmiy Telegram-botlar va pul va’da qiluvchi reklamalarga ishonmaslikka chaqirdi.
Qoʻmita ma’lumotiga koʻra, ayrim blogerlar norasmiy botlar orqali ma’lum toʻlov evaziga ovoz berish mumkinligi haqida reklama tarqatgan. Bunda “rasmiy” degan yozuvlar va “Ochiq budjet” logotipiga oʻxshash belgilardan foydalanilgan.
Qayd etilishicha, “Tashabbusli budjet” loyihasida ovoz berish faqat rasmiy platforma, mobil ilovalar hamda Telegram’dagi rasmiy bot orqali amalga oshiriladi.
Amaldagi tartibga koʻra, ovoz berish uchun hech qanday toʻlov undirilmaydi, shuningdek, ovoz berganlik uchun moddiy ragʻbatlantirish ham berilmaydi.
Qoʻmita fuqarolarni norasmiy botlar va shubhali takliflarga aldanmaslikka chaqirib, bunday holatlar aniqlanganda qonunchilikka muvofiq tegishli choralar koʻrilishini ma’lum qildi.