Shavkat Mirziyoyev Gurbanguli Berdimuhamedov bilan telefon orqali muloqot qildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 29-iyun kuni Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov bilan telefon orqali muloqot qildi.
Suhbat avvalida davlatimiz rahbari Gurbanguli Berdimuhamedovni tavallud kuni bilan samimiy qutlab, unga mustahkam sog‘liq va oilaviy farovonlik, qardosh Turkmaniston xalqiga esa tinchlik-osoyishtalik hamda ravnaq tiladi.
O‘z navbatida, Xalq Maslahati Raisi O‘zbekiston Prezidentiga Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedovning samimiy salomini yetkazdi.
Muloqot chog‘ida O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarining bugungi holati yuksak baholandi. Barcha darajalardagi samarali muloqotlar davom etayotgani, savdo aylanmasi barqaror o‘sib borayotgani hamda sanoat, energetika, transport va boshqa ustuvor yo‘nalishlarda qo‘shma loyihalar amalga oshirilayotgani qayd etildi.
Shuningdek, hududlararo hamkorlik, ishbilarmonlik va madaniy-gumanitar almashinuvlarni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar joriy yil oktabr oyida Turkmanistonda bo‘lib o‘tadigan Markaziy Osiyo va Ozarbayjon davlat rahbarlarining sakkizinchi Maslahat uchrashuviga tayyorgarlik ko‘rish masalalariga ham alohida e’tibor qaratdilar.