Boshqaruv sifati, raqamlashtirish va samaradorlik: eng namunali vazirliklar e’tirof etildi
“Sifatli davlat boshqaruvi” dasturi doirasida joriy yilning yanvar–aprel oylarida davlat idoralari faoliyati, boshqaruv sifati hamda rahbar kadrlarning yetakchilik salohiyati xalqaro ekspertlar va mahalliy mutaxassislar tomonidan baholandi.
Tanlov natijalariga ko‘ra:
Adliya vazirligi “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha eng namunali vazirlik nominatsiyasida g‘olib deb topildi.
Vazirlik qisqa vaqt ichida zamonaviy, ochiq va raqamli adliya institutiga aylandi. Bugungi kunda vazirlik 30 ta platforma orqali 380 ta to‘liq raqamlashtirilgan xizmatni ko‘rsatmoqda. 780 dan ortiq xizmatdan onlayn foydalanish mumkin. 208 ta Davlat xizmatlari markazidan iborat tarmoq mamlakat bo‘ylab yagona standartni ta’minlamoqda.
Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi resurslarni boshqarish bo‘yicha eng namunali vazirlik sifatida e’tirof etildi.
Mazkur idora mas’uliyatli, shaffof va tejamkor xo‘jalik yuritishning yorqin namunasiga aylandi. Ajratilgan har bir so‘m yangi konlarni izlab topish va sohani rivojlantirishga yo‘naltirilmoqda. Geologiya-qidiruv ishlarida suv sarfi 20 foizga qisqartirildi. Byudjet rejalari 2028-yilgacha oldindan ishlab chiqilgan. Asosiy konchilik uskunalarini mahalliylashtirish darajasi 84 foizga yetkazildi.
Ichki ishlar vazirligi davlat xizmatlarini ko‘rsatishdagi ijobiy natijalari uchun eng namunali deb topildi.
Bugungi kunda vazirlik qariyb 60 turdagi xizmatlarni ko‘rsatmoqda, ularning 95 foizi to‘liq raqamli shaklda taqdim etilmoqda. Avval tarqoq bo‘lgan 72 ta ma’lumotlar bazasi yagona “Xavfsiz shahar” tizimiga birlashtirildi, unga 14 ta boshqaruv markazi va 20 dan ortiq vazirlik hamda idoralar ulangan. O‘tgan yili 148 mingdan ortiq ma’muriy ish masofaviy tarzda ko‘rib chiqildi va fuqarolarning turli idoralar bo‘ylab sarson bo‘lishining oldi olindi. Vazirlik zamonaviy davlat xizmatlari inson uchun yaratilgan qulaylik bilan o‘lchanishini amalda namoyon etmoqda.